Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Jismoniy shaxslar tomonidan avtotransport vositalarni olib kirish tartibi
721

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 62-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan olib kiriladigan avtotransport vositalarini (bundan xalqaro yuk tashishni amalga oshirish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida va xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar mustasno) vaqtincha olib kirishga ruxsat etilmaydi.

Oʻzbekiston Respublikasining jismoniy shaxslari bojxona hududidan tashqarida oʻzlariga notijorat maqsadlarda transport vositalarini xorijiy davlatda vaqtincha boʻlish muddatiga vaqtincha olib chiqishga haqli.

Jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan avtotransport vositalarning bojxona rasmiylashtiruvi faoliyat hududida joylashgan TIF bojxona postida amalga oshiriladi.

Avtotransport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida davlat bojxona xizmati organlariga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-iyuldagi “Eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda davlat bojxona xizmati organlariga taqdim etiladigan hujjatlar roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 197-sonli qaroriga asosan hujjatlar taqdim etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-sonli qaroriga asosan yangi import avtomobillari bilan chakana savdo faqat yuridik shaxslar - ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshiriladi.

Bojxona chegarasidan olib oʻtilayotgan xorijiy avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvida oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2010-yil 19-noyabrda 2156-son bilan roʻyxatga olingan “Bojxona chegarasidan olib oʻtilayotgan avtotransport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom asosida amalga oshiriladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 159-moddasiga muvofiq chet ellik jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadlarda vaqtincha olib kirilgan transport vositasining bojxona hududida turishining umumiy muddati kalendar yil mobaynida jami toʻqson kalendar kundan oshmasligi lozim.

Bunda transport vositasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yigʻimni toʻlagan holda yuqorida koʻrsatilgan muddatdan ortiqroq muddatga vaqtincha olib kirishga yoʻl qoʻyiladi.

Yigʻim undirilguniga qadar transport vositasi bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlanishi lozim.

Mazkur yigʻim quyidagi hollarda toʻlanmaydi:

bojxona organlari tomonidan belgilanadigan joylarda vaqtincha saqlash davri uchun;

agar vaqtincha olib kirilgan transport vositasi xatlangan, musodara qilingan, avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida foydalanish uchun yaroqsiz holga kelib qolgan va bu vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan boʻlsa.

13.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing