Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Jismoniy shaxslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi bojxona chegaralari orqali dori vositalarini olib oʻtish
212

Jismoniy shaxslar tomonidan dori vositalarini va tibbiy buyumlarni quyidagi hollarda davlat roʻyxatidan oʻtkazmasdan hamda bojxona rasmiylashtiruvisiz olib kirish va olib chiqishga ruxsat beriladi, agar ular:

mamlakatda boʻlish davrida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun moʻljallangan boʻlsa;

Oʻzbekiston Respublikasi hududida va uning hududidan tashqarida yashab turgan bemorni davolash-profilaktika muassasasi tomonidan tasdiqlangan tibbiy koʻrsatma asosida, davolash kursi doirasida davolash uchun moʻljallangan boʻlsa;

diplomatik vakolatxonalarning va ularga tenglashtirilgan vakolatxonalarning diplomatik hamda maʼmuriy-texnik xodimlari, shu jumladan ular bilan birga yashab turgan oila aʼzolarining shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan boʻlsa;

Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirib kelayotgan yoki uning hududidan chiqib ketayotgan transport vositasining yoʻlovchilariga birinchi tibbiy yordam koʻrsatish uchun moʻljallangan va tibbiy dorilar qutichasi tarkibiga kiritilgan boʻlsa;

Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy, madaniy, sport tadbirlari ishtirokchilarini hamda xalqaro ekspeditsiyalar ishtirokchilarini davolash uchun moʻljallangan boʻlsa.

Bunda dori vositalari va tibbiy buyumlar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirilishi va olib chiqilishida faqat koʻrsatib oʻtilgan shaxslarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun foydalanilishi va sotish uchun boshqa shaxslarga berilmasligi kerak.

Yashash yoki boʻlish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan quyidagilar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladi va olib chiqiladi:

turli nomdagi 10 tagacha dori preparatlaridan iborat dori vositalari va ularning har biri uchun 5 oʻramdan ortiq boʻlmagan dori vositalari;
5 birlikdan ortiq boʻlmagan tibbiy buyumlar.
Bunda bir oʻramda:
qattiq (tabletkalar, drajelar, granulalar, kukunlar, kapsulalar) dori shakllari uchun — 100 birlikdan ortiq emas;
eritma tayyorlash uchun qoʻllaniladigan kukunlar uchun — 500 grammdan ortiq emas;
granula shakldagi gomeopatik dori vositalari uchun — 50 grammdan ortiq emas;
infuzion eritmalar va oral (ogʻiz orqali) qoʻllaniladigan eritmalar uchun — 500 millilitrdan ortiq emas;
inyeksiyalar uchun eritmalar — 10 ampuladan yoki 10 flakondan ortiq emas;
tashqi dorilar uchun — 200 millilitrdan yoki 200 grammdan ortiq emas.
Dori vositalari va tibbiy buyumlar ishlab chiqaruvchining oʻramida boʻlishi kerak.

Dori vositalarini yuqorida koʻrsatilganidan ortiq miqdorda olib kirish va olib chiqishda jismoniy shaxslar bojxona organlariga boʻlish yoki yashash mamlakatining tibbiyot muassasasidan uning shaxsiy foydalanishi uchun moʻljallangan dori vositasining nomini, uning dorivor shaklini va davolash kursiga tavsiya qilingan miqdorini koʻrsatgan holda muayyan jismoniy shaxsga berilgan hujjatni taqdim etadilar.

Xalqaro qatnaydigan dengiz (daryo) kemalarida, samolyotlarda tibbiy dorilar qutichasida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining cheklangan miqdorini olib kirish va olib chiqish tegishli transport vositalari roʻyxatdan oʻtkazilgan davlatning qonun hujjatlarida belgilangan nazorat choralariga rioya etilgan holda litsenziyasiz amalga oshiriladi.

Tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar boʻlgan dori vositalarini jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish

Tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar boʻlgan dori vositalarini jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqish Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 12-noyabrdagi 330-son qarori bilan tasdiqlangan roʻyxatlarga muvofiq amalga oshiriladi.

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq boʻlmagan miqdorda olib chiqishga tibbiyot muassasasining davolash-maslahat komissiyasining muhri bilan tasdiqlangan xulosasi mavjud boʻlganda ruxsat beriladi.

Giyohvandlik vositalarini 7 sutkalik ehtiyojdan ortiq boʻlmagan miqdorda olib kirishga yashash yoki boʻlish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, davolash kursining tavsiya etiladigan soni koʻrsatilgan hujjatlar mavjud boʻlganda ruxsat beriladi.

Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun psixotrop moddalarni yashash yoki boʻlish mamlakatining tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etilmasdan turli nomdagi 5 tagacha davolash preparatlarini va ulardan har birining ikkitadan ortiq boʻlmagan oʻramini davolash kursi doirasida olib kirish va olib chiqishda ruxsat beriladi.

Oʻtkazish punktlarida bojxona chegarasini kesib oʻtishda jismoniy shaxslar ularda giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar borligini deklaratsiyada qayd etishlari shart, bunda giyohvandlik vositalari uchun — bojxona organiga jismoniy shaxsning yashash yoki boʻlish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan, dori vositasining nomi, uning dori shakli va davolash kursining tavsiya etiladigan soni koʻrsatilgan hujjat taqdim etilishi kerak.

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona organlari tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatlar mavjudligini va ularda koʻrsatilgan maʼlumotlarning jismoniy shaxsdagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning nomlariga va soniga muvofiqligini belgilangan tartibda nazorat qiladilar.

Jismoniy shaxslar tomonidan tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjatda va bojxona organiga bildirilgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar nomlari va sonidan ortiq boʻlgan taqdirda ortiqchasi olib qoʻyilishi va belgilangan tartibda yoʻq qilinishi kerak.

Unutmang!

Jismoniy shaxs dori vositalari va tibbiy buyumlarni, shu jumladan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy foydalanish uchun olib kirish va olib chiqishda taqdim etilgan maʼlumotlarning ishonchliligi uchun javob beradilar.

26.02.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing