Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Axborot olishga doir soʻrovlarni koʻrib chiqish
233

Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish boʻyicha soʻrovlarni koʻrib chiqish Reglamenti (koʻchirma)

Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida” va “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida” Qonunlariga hamda DBQning 2014-yil 3-iyuldagi 197-son buyrugʻiga muvofiq, davlat bojxona xizmati organlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni olish boʻyicha soʻrovlarni (bundan buyon matnda soʻrov deb yuritiladi) koʻrib chiqish tartibini belgilaydi.

I. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Reglament:

    jismoniy shaxslarning shaxsiga doir maʼlumotlardan foydalanishni taʼminlash tartibiga;

    bojxona organlari tomonidan ariza, taklif va shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibiga;

    bojxona organlari oʻz vakolatlarini amalga oshirishi munosabati bilan ular tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlariga oʻz faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etish tartibiga;

    taqdim etilishining oʻziga xos xususiyatlari boshqa qonun hujjatlarida nazarda tutilgan, bojxona organlarining faoliyatiga taalluqli boʻlgan axborotning ayrim turlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

    2. Ushbu Reglamentda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

    axborotdan foydalanuvchi - davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

    soʻrov - bojxona organlari faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etish haqida ushbu organlarga va (yoki) ularning mansabdor shaxslariga yoʻllanadigan ogʻzaki yoki yozma shakldagi (shu jumladan elektron hujjat shaklidagi) talab;

    axborot xizmatlari - DBQ Ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-AERO” IBK Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar guruhlari;

    kotibiyat - DBQ Ishlar boshqarmasining Hisobga olish va nazorat boʻlimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri boʻyicha boshqarmalari, “Toshkent-AERO” IBK, OHBI va MKMning Tashkiliy-inspektorlik boʻlimlari (boʻlinmalari, guruhlari).

    3. Axborotdan foydalanuvchilar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-moddasida nazarda tutilgan axborotni olish uchun bevosita yoki oʻz vakillari orqali soʻrov bilan murojaat etishlari mumkin.

    4. Axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovi asosida maʼlumotlar bojxona organlari tomonidan ushbu Reglamentga muvofiq, ogʻzaki yoki yozma (shu jumladan elektron hujjat shaklida) taqdim etiladi.

    Maʼlumotlarni axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali taqdim etish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

    5. Bojxona organlarida soʻrovlarni qabul qilish tartibi haqidagi maʼlumot ularning rasmiy veb-saytiga hamda axborotdan foydalanuvchilar kirishlari mumkin boʻlgan binolarga joylashtiriladi.

    II. Soʻrovga qoʻyiladigan talablar

    6. Jismoniy shaxsning soʻrovida uning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan va soʻrovning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.

    Yuridik shaxsning soʻrovida yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan manzili (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hamda soʻrovning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.

    7. Yozma soʻrovlar axborotdan foydalanuvchining shaxsiy imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak. Soʻrovni shaxsiy imzo bilan tasdiqlash imkoniyati boʻlmagan taqdirda, u qoʻshimcha ravishda tuzuvchining ham familiyasi, ismi, otasining ismi qoʻyilgan holda, uning imzosi bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.

    Axborotdan foydalanuvchini identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilmagan soʻrov anonim hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.

    8. Ogʻzaki soʻrov kiritayotgan jismoniy shaxs ushbu Reglamentning 6-bandi birinchi xatboshisida qayd etilgan maʼlumotlarni, shuningdek

    oʻz telefon raqamini maʼlum qilishi kerak.

    Yuridik shaxs nomidan ogʻzaki soʻrov kiritayotgan mansabdor shaxs ushbu Reglamentning 6-bandi ikkinchi xatboshisida qayd etilgan maʼlumotlarni, shuningdek lavozimi, familiyasi, ismi, otasining ismi va ish telefon raqamini maʼlum qilishi kerak.

    Ushbu bandda qayd etilgan maʼlumotlar toʻliq bayon etilmagan hollarda, ogʻzaki soʻrovlarni koʻrib chiqish rad etilishi mumkin.

    9. Elektron hujjat shaklidagi soʻrovlar (bundan buyon matnda elektron soʻrov deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining “Elektron hujjat aylanishi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablariga muvofiq tayyorlangan va majburiy rekvizitlarga ega boʻlgan taqdirda koʻrib chiqiladi.

    10. Belgilangan tartibda kiritilgan soʻrov koʻrib chiqilishi shart.

    III. Yozma va elektron soʻrovlarni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish

    11. Bojxona organlariga kiritilgan yozma va elektron soʻrovlar kotibiyat tomonidan qabul qilinadi va roʻyxatga olinadi.

    IV. Ogʻzaki soʻrovni qabul qilish va roʻyxatdan oʻtkazish

    16. Bojxona organlarida ogʻzaki soʻrovlar axborot xizmatlari tomonidan qabul qilinadi.

    Axborot xizmati xodimi soʻrov kiritayotgan jismoniy yoki yuridik shaxsdan ushbu Reglamentning 8-bandida qayd etilgan maʼlumotlarni toʻliq olishi shart.

    23. OHBI va MKMda ushbu Reglamentda axborot xizmatlariga yuklatilgan vazifalar institut boshligʻi va markaz direktori tomonidan belgilanadigan tarkibiy tuzilmalar tomonidan amalga oshiriladi.

    V. Soʻrovni koʻrib chiqish muddatlari va tartibi

    24. Axborotdan foydalanuvchining soʻrovi bojxona organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan oʻn besh kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.

    Ommaviy axborot vositasining axborot olishga doir, shuningdek bojxona organlari mansabdor shaxslarining intervyusini tashkil etish toʻgʻrisidagi soʻrovi koʻpi bilan yetti kunlik muddatda koʻrib chiqiladi.

    25. Agar axborotdan foydalanuvchining soʻrovini koʻrib chiqish bojxona organlarining vakolatlariga kirmasa, soʻrov soʻralayotgan axborotni taqdim etish vakolatiga kiritilgan organga roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida yuboriladi, axborotdan foydalanuvchi esa, bu haqda xabardor qilinadi.

    Agar bojxona organlari olingan soʻrov boʻyicha davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa organlari vakolati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga ega boʻlmasa, axborotdan foydalanuvchiga soʻrov roʻyxatdan oʻtkazilgan kundan eʼtiboran uch ish kuni ichida tegishli javob yuboradilar.

    26. Rasmiy nashrlarda, ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilingan (chop etilgan) yoxud rasmiy veb-saytlarda joylashtirilgan axborot soʻralganda, bojxona organlari soʻrovga beriladigan javobda soʻralayotgan axborot eʼlon qilingan rasmiy nashrning, ommaviy axborot vositasining nomi, chop etilish sanasi hamda raqamini va (yoki) soʻralayotgan axborot joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manzili koʻrsatilgan holda, havola berilishi mumkin.

    27. Soʻrov rad etilgan taqdirda, belgilangan muddatda axborotdan foydalanuvchiga asoslantirilgan javob yuboriladi.

    VI. Yakuniy qoidalar

    30. Ushbu Reglament talablarini buzgan xodimlar amaldagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

    Ushbu Reglament Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasining 2014-yil 30-avgustdagi 258-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan

21.06.2018

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing