Tadbirkorlar va TIF
ishtirokchilari uchun doimiy
ishonch telefoni
11-08
Ayollar salomatligi doimo e’tiborda!
268
Ayol borki, olam munavvar. U mehribon uy bekasi, xonadon charog`boni bo`lish bilan bir qatorda kelajagimiz bo`lmish yosh avlodni dunyoga keltiruvchi ona hamdir. Ayolning salomatligi jamiyatda sog`lom muhitning yaratilishida asosiy omil hisoblanadi. Shu boisdan ham oila va jamiyatda reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, jismonan va ma’nan barkamol avlodni tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda.

Davlat bojxona qo`mitasida DBQ rahbariyati, Davlat bojxona xizmati organlarida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarini ta’minlash masalalari bo`yicha maslahat-kengashi va qo`mitaning tibbiyot bo`limi xodimlari tashabbusi bilan Markaziy apparati shahodatlangan lavozimlarda xizmat olib borayotgan xotin – qizlarning va erkin yollangan ayol xodimalarning salomatligini yanada mustahkamlash maqsadida malakali tibbiyot mutaxassislari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirdan ko`zlangan asosiy maqsad oila va jamiyatda ayolning o`rnini mustahkamlash barobarida salomatligiga ham e’tibor qaratish hamda samarali tibbiy ko`riklarni tashkil etishdan iborat bo`ldi.

Tadbirda so`zga chiqqan O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy poliklinikasi vrachi, ginekolog Shaazimova Manzura Mirsagatovna o`z ma’ruzasida ayollarning fertil yoshi davrida ko`p uchraydigan kasalliklar, ularning kelib chiqish sabalari va kasaklliklarning oqibatlari haqida so`zlab berdi. Shuningdek, ayol o`z sog`ligiga befarq bo`lmasligi, muntazam ravishda organizmidagi o`zarishlarni kuzatib borishi va kasalliklarning ilk belgilari namoyon bo`lishi bilanoq zudlik bilan mutaxassislarga murojaat qilishi shartligi, befarqlik salbiy oqibatlarga olib kelishi haqida to`xtalib, kasallikning oldini olish va profilaktika qilish maqsadida amalga oshirilishi lozim bo`lgan choralarni tushuntirib berdi.

So`ngra so`z O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Markaziy poliklinikasi vrachi, onkolog Mavlonova Dilafruz Ismailovnaga berildi. D.Mavlonova hozirgi kunda ayollar orasida ko`p kuzatilayotgan onkologik kasalliklar, qo`llaniladigan zamonaviy amaliyotlar, kimyoterapiya va nur terapiyasi haqida umumiy tushunchalar berdi. Ushbu kasalliklarga chalingan bemorlarda bajarilgan davodan keyingi reabilitasiya jarayonlari, kasallikning o`tkazib yuborilgan bosqichlarida bemorlarga ko`rsatiladigan palliativ va simptomatik davo haqida batafsil tushunchalar berib o`tdi. Onkologik kasalliklar bo`yicha o`z fikrlari bilan o`rtoqlashar ekan, xastalikning ayol salomatligiga va ruhiyatiga qanchalik og`ir ta’sir qilishini, eng achinarlisi kasallik bevaqt o`lim bilan yakun topishini ta’kidlab, faqatgina erta tashxis qo`yib ushbu kasallikning avj olishini oldini olish mumkinligini ta’kidlab, o`z maslahatlarini berdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan dolzarb muammo bo`lib kelmoqda. Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko`ra, bunday kasalliklarga chalinish ko`rsatkichi yildan yilga o`sib bormoqda.

Suhbat davomida bachadon bo`yni saratoni kasalligini keltirib chiqaruvchi sabablarning asosiysi odam papilloma virusi (OPV) hisoblanishi, saraton kasalligidan oldin saraton oldi holatlar kuzatilishi, kasallik erta aniqlansa davolash uchun zarur bo`lgan vaqt etarli bo`lishi ta’kidlandi. Shu sababli ayollarga o`z salomatliklariga e’tiborliroq bo`lishlari, doimiy ravishda profilaktik tibbiy ko`rikdan o`tish lozimligi tushuntirildi.

Ochiq muloqot shaklida o`tkazilgan ushbu uchrashuv fikr-mulohazalar, savol-javoblar, shuningdek taklif va tavsiyalarga boy bo`ldi.

10.02.2022

Eshitish uchun matnni belgilang va ushbu tugmani bosing